Fevral 26, 2025

Manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

Oʼzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida

Oʼzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish, ushbu Qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga soʼzsiz rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, manfaatlar toʼqnashuvining oldini olishga oid huquqiy tartibotlarning mazmun-mohiyatini davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilikka tushuntirish orqali mazkur Qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik koʼrish maqsadida:

Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuvini aniqlash, oldini olish va bu borada samarali nazorat tizimini oʼrnatishga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi Qonuni(keyingi oʼrinlarda — Qonun) qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, Qonun bilan oʼrnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Oʼzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi Qonuniijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʼyicha respublika idoralararo komissiyasi (keyingi oʼrinlarda — Respublika idoralararo komissiyasi) 1-ilovagamuvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Quyidagilar Respublika idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuvini aniqlash mexanizmlarini samarali joriy etish imkoniyatlarini tahlil qilish;

davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuviga sabab boʼluvchi holatlarni oʼrganish, ularni bartaraf etish boʼyicha qonunchilikka muvofiq boʼlgan choralarning koʼrilishida yagona amaliyotni shakllantirish;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy taʼminotlari Qonun bilan belgilangan talablarga muvofiq takomillashtirilishini taʼminlash;

korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish boʼyicha faoliyatini muvofiqlashtirish hamda hamkorligini rivojlantirish choralarini koʼrish;

jamiyatda manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish boʼyicha huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish.

Belgilansinki, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi va Аdliya vazirligi Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari hisoblanadi.

Respublika idoralararo komissiyasi (А. Аripov):

a) 2024 yil 1 iyulga qadar Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq roʼyxati (keyingi oʼrinlarda — roʼyxat) shakllantirilishini taʼminlasin;

b) Qonun kuchga kirguniga qadar unda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bogʼliq masalalar roʼyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida tegishli ishchi guruhlarni tuzgan holda oʼrganilishini tashkil etsin.

Bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:

davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuviga olib kelishi mumkin boʼlgan holatlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini koʼrish;

davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan ularning faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish boʼyicha cheklovlarga rioya etilishini oʼrganish, jumladan oʼrindoshlik asosida ishlash, tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish kabi holatlarni aniqlash;

davlat organlari va tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi boʼlinmalar faoliyati yoʼlga qoʼyilganligini hamda ularning malakali kadrlar bilan toʼldirilganligini oʼrganish;

davlat organlari va tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini baholash uchun joriy etilgan «E-anticor.uz» platformasidagi manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq maʼlumotlarni tahlil qilish;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy taʼminotlari Qonun talablariga muvofiqligini oʼrganish, ularni takomillashtirish choralarini koʼrish;

v) Qonun kuchga kirganidan keyin:

har chorakda Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼyilgan holatlar tahlil qilinishini, bunday holatlar koʼpaygan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib boʼlmaydigan choralarni belgilash uchun tegishli taqdimnomalar kiritilishini;

har yarim yilda manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish boʼyicha koʼrilayotgan choralar Respublika idoralararo komissiyasi yigʼilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borilishini taʼminlasin.

Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini aniqlash uchun sharoit yaratish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi (А. Burxanov) Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024 yil yakuniga qadar:

«E-anticor.uz» elektron platformasida manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushirilishini;

Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Аdliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʼmitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining tegishli axborot tizimlarini «Elektron hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

Bunda quyidagi vaziyatlarda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligining tashabbusiga yoki davlat organlari va tashkilotlarining onlayn soʼroviga asosan «E-anticor.uz» elektron platformasi orqali manfaatlar toʼqnashuvi holatlari aniqlanadi:

mavjud manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi deklaratsiyalarni oʼrganishda;

davlat xaridlari boʼyicha bayonnoma va shartnomalarni, shuningdek, tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va benefitsiarlari boʼyicha maʼlumotlarni oʼrganishda;

xodimning faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish boʼyicha belgilangan cheklovlarga amal qilinishini tekshirishda;

manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish boʼyicha tarkibiy boʼlinmalar tomonidan manfaatlar toʼqnashuvini aniqlash uchun elektron bazalardan olingan maʼlumotlarni oʼrganishda;

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʼi va ijtimoiy tarmoqlardagi davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼyilayotganligi haqidagi murojaatlarni tekshirishda.

«E-anticor.uz» elektron platformasida elektron modulni yaratish va modernizatsiya qilish bilan bogʼliq xarajatlar Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʼarmasi hisobidan qoplanishi belgilansin.

Manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini taʼminlash maqsadida:

davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvi holatlari boʼyicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli berish;

Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼyilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish boʼyicha koʼrilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish amaliyoti joriy etilsin.

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi (А. Burxanov) Аdliya vazirligi (А. Tashkulov) bilan birgalikda:

ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari uchun manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish boʼyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqsin;

2024 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda manfaatlar toʼqnashuvini hisobga olish reestri, mavjud manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlasin.

Аdliya vazirligi (А. Tashkulov) Bosh prokuratura (N. Yoʼldoshev) va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi (А. Burxanov) bilan birgalikda:

bir oy muddatda roʼyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari oʼrtasida manfaatlar toʼqnashuvi boʼyicha bilim va koʼnikmalarni baholash uchun onlayn test sinovlari oʼtkazilishini;

uch oy muddatda roʼyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish yuzasidan xodimlar uchun grafik asosida oʼquv trening mashgʼulotlari tashkil etilishini taʼminlasin.

Oʼzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida»gi Qonuniijrosi doirasida 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan «yoʼl xaritasi» 2-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari «yoʼl xaritasi»da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoringni olib boradi hamda natijasi boʼyicha har chorakda Respublika idoralararo komissiyasiga axborot kiritib boradi.

Oliy Majlis palatalariga roʼyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida Qonun bilan belgilangan talablarga rioya etilishi, shu jumladan ularning faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish boʼyicha koʼrilgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish tavsiya etilsin.
Respublika idoralararo komissiyasi (А. Аripov) bir oy muddatda roʼyxatdagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Qonunni amalga oshirish boʼyicha idoraviy dasturlar qabul qilinishini taʼminlasin.
Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.N. Аripov zimmasiga yuklansin.

Аmalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan 2024 yil 1 noyabrga qadar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Toshkent sh.,                                                                                    Oʼzbekiston Respublikasi

2024 yil 5 iyun,                                                                                 Prezidenti Sh. MIRZIYOEV

PQ-210-son

Translate »