O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruvni joriy qilish maqsadida:
- Suv xo‘jaligi vazirligi barcha manbalar bo‘yicha yagona suv balansini yurituvchi hamda Davlat suv kadastrini tashkil etish va yuritishga oid ishlarni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilansin.
Quyidagilar Suv xo‘jaligi vazirligining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
yagona suv balansi va Davlat suv kadastrini yuritish;
transchegaraviy va ichki daryolar, soylar suvlarini samarali boshqarish hamda tabiiy ko‘llar, suv inshootlari va yer osti manbalarida yetarli suv zaxirasini yaratish orqali mamlakat suv xavfsizligini ta’minlash;
irrigatsiya va melioratsiya tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha sohalaridagi iste’molchilarni suv bilan uzluksiz ta’minlash;
raqamli texnologiyalarni keng qo‘llagan holda suv resurslarini boshqarish va suv hisobini yuritishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish;
sohaga resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni keng joriy etish;
suvdan foydalanish va suvni boshqarishga bozor mexanizmlarini keng joriy qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
suvdan unumli foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish;
suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish;
transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish.
- Quyidagilar suv xo‘jaligi boshqaruvini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
Suv xo‘jaligi vazirligi tuzilmasini yuqori, o‘rta va quyi bo‘g‘inlarga ajratgan holda tashkil qilish hamda funksiyalarni aniq belgilash;
Suv xo‘jaligi vazirligining yagona suv balansini va kadastrini yuritishdagi vakolatini aniq belgilash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish;
strategik va innovatsion g‘oyalar, ilmiy asoslangan taklif va tashabbuslar asosida soha rivojlanishini ta’minlash;
suv xo‘jaligi obyektlarida shaffof biznes yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali suv xo‘jaligi obyektlarining xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish;
suvdan foydalanishga ruxsat berish tizimini soddalashtirish orqali suvdan foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish;
mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish orqali sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish va kadrlar qo‘nimsizligini kamaytirish;
yirik suv xo‘jaligi obyektlarini qurish loyiha hujjatlarini ishlab chiqish tizimini tubdan isloh qilish hamda sohaviy loyiha institutlari faoliyatini jonlantirish.
- Suv xo‘jaligi vazirligining tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida mustaqil yuridik shaxs sifatida:
- a) quyidagilar:
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Ekspluatatsiya agentligi);
Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti tashkil etilsin;
- b) quyidagilar:
Markaziy dispetcherlik, kommunikatsiya va kadastr xizmati negizida Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati;
Axborot-tahlil va resurs markazi negizida Suv xo‘jaligida islohotlar markazi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi negizida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi Xorazm suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi negizida xo‘jalik hisobidagi “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi tashkil etilsin.
- Quyidagilar:
Suv xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamentining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi tashkilotlarining uch bo‘g‘indan iborat vertikal boshqaruv tizimi hamda funksiyalar taqsimoti 4-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki, 5-ilovagamuvofiq 2024-yil 1-iyuldan boshlab Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tuzilmasidagi tashkilotlar xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari oshirilgan miqdorda hamda 2025-yildan boshlab ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar qo‘llanadi.
Mazkur Farmonning 5-ilovasida ko‘zda tutilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan yuzaga keladigan xarajatlar 2024-yilda Suv xo‘jaligi vazirligiga davlat budjetidan ajratilgan, shu jumladan nasos stansiyalarining elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning iqtisod qilinishi kutilayotgan qismi hisobidan, 2025-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
- Suv xo‘jaligi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 15-avgustga qadar tabiiy suv obyektlarining suv fondi yerlari Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tegishli foydalanuvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini ta’minlasin.
- Belgilansinki:
Suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zGIP” MChJ va “Suvloyiha” MChJ tashkilotlarining davlat nomidan ishtirokchisi funksiyalarini amalga oshiruvchi organ hisoblanadi;
Suv xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan suv resurslarini boshqarish borasidagi faoliyatiga uchinchi shaxslar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi taqiqlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-439-son qarorigamuvofiq:
2024-yil 1-yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida o‘z tasarrufidagi yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiyati yuklatilganligi;
2024-yil 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (B. Islamov), Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi (R. Raximov) uch oy muddatda yer ostidan suv olish quduqlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin.
Bunda, suv hisoblagichlari o‘rnatilmagan hollarda (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno) tegishli qonuniy choralar, shu jumladan, hisoblagichlar o‘rnatilmagunga qadar suv olish imkonini cheklash choralari ko‘riladi.
- Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh. Xamrayev) Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (B. Islamov), Gidrometeorologiya xizmati agentligi (Sh. Xabibullayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abduraxmonov), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A. Xaitov) hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yagona suv balansi va kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayevning:
mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rish;
suv balansi va Davlat suv kadastri yuritilishini ta’minlash;
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida o‘zaro takrorlanuvchi funksiyalarni bajaruvchi tuzilmalar faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik hamda faoliyat samaradorliklarini baholash ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilash;
global iqlim o‘zgarishining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, ularning malakasini oshirish orqali salohiyatini kuchaytirish;
limitlar asosida suv iste’molchilarga suv yetkazib berish;
sohada biznes jarayonlarini rivojlantirish;
suv xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha shaxsiy javobgarligi belgilansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.